«Yamal» avakompaniyasining Moskva – Namangan – Moskva parvozining bekor qilinishi yuzasidan
Yo‘lovchilarning huquqlari va tashuvchining majburiyatlariga rioya etishni ta'minlash maqsadida "O‘zaviasiya" agentligi tomonidan aviakompaniyalarga O‘zbekiston aeroportlariga charter reyslarini amalga oshirish uchun vakolatli organ “O‘zaviasiya” agentligidan tegishli ruxsatnoma olmasdan turib aviachiptalarni sotish amaliyotini tugatish to‘g‘risida ogohlantirish xati yuborilgan.
«Yamal» aviakompaniyasi ushbu ogohlantirishga qaramay tegishli ruxsatnomani olmasdan turib qo‘pol ravishda talablarni buzib joriy yilning 13 oktyabr' kuniga Moskva – Namangan – Moskva yo‘nalishlarida charter parvozlari uchun aviachiptalar sotuvini tashkil etgan. Natijada aviachiptada ko‘rsatilgan vaqtda yo‘lovchilar aerovokzallarga kelishgan va belgilangan yo‘nalishda parvozning bajarilmasligi yo‘lovchilar o‘rtasida ijtimoiy keskinlikka olib kelgan.
Shunga qaramay, vaziyatni inobatga olgan holda “O‘zaviasiya” agentligi aviakompaniyaga zudlik bilan ushbu reysni amalga oshirishga ruxsat olish uchun so‘rovnoma berishni taklif qildi, biroq aviakompaniya ekipajning ish vaqti tugagani va boshqa ekipajlar yo‘qligi sabab parvozni amalga oshirishdan bosh tortdi.
Shu munosabat bilan “O‘zaviasiya” agentligi tomonidan «Yamal» aviakompaniyasiga charter parvozlarni tashkillashtirishda O‘zbekiston Respublikasi talablariga kat'iy rioya etilishi shartligi to‘g‘risida ogohlantirish yuborilgan. Aviakompaniya tomonidan bunday holat takrorlangan taqdirda “O‘zaviasiya” agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan choralar ko‘riladi.
Shu o‘rinda yo‘lovchilar va aviakassalar mutasaddilaridan aviachiptalarni sotib olish yoki sotishdan oldin "O‘zaviasiya" agentligi veb-saytining bosh sahifasidagi "Axborot jadvali" bo‘limida (https://uzcaa.uz/uz) rejalashtirilgan charter parvozlarining holati bilan tanishib chiqishni tavsiya etamiz.