Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida “FAF 2024” Xalqaro aviasiya forumi bo‘lib o‘tmoqda
Hozirda Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni Qirolligining fuqaro aviasiyasi bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan "FAF 2024" uchinchi xalqaro aviasiya forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Forum aviasiya sohasidagi hamkorlikni takomillashtirish, havo transportini barqaror rivojlantirishda innovasiyalarni tadbiq etishga bag‘ishlangan.
Ushbu forumda Saudiya Arabistoni Qirolligi aviasiya ma'muriyati rahbarining shaxsiy taklifiga binoan T. Nazarov boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi ishtirok etmoqda.
Forum doirasida “O‘zaviasiya” agentligi direktori Xitoy va Bangladesh aviasiya ma'muriyatlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xitoy delegasiyasi bilan joriy yilning iyun' oyida Sian shahrida (Xitoy) o‘tkazilishi rejalashtirilgan fuqaro aviasiyasi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston va Xitoy aviasiya ma'murlari o‘rtasida muzokaralarning 2-bosqichini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Bangladesh tomoni O‘zbekiston delegasiyasiga ikki tomonlama havo qatnovi to‘g‘risidagi Bitimni imzolash bo‘yicha kelishish tartib-taomillari yakunlangani haqida ma'lumot berdi.
Shu munosabat bilan tomonlar ushbu hujjatning imzolash sanasi va joyini belgilashga kelishib oldilar.