Ona tilim-g‘ururim, faxrim!

Til nafaqat muomala vositasi, balki xalqning ma'naviyati, madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixi, eng muhimi mustaqillik belgisidir.Dunyoda 7 mingdan ortiq tillar muomalada bo‘lib, dunyo aholisining 90 foizi 70 ta til'da so‘zlashadi. 200 ta til davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Bugungi kunda dunyoning 50 milliondan ortiq aholisi o‘zbek tilida so‘zlashib, bu til'da so‘zlashuvchilar soni bo‘yicha dunyoda 27-o‘rinda turadi. 6 ta (o‘zbek, turk, qozoq, qirg‘iz, ozarbayjon, turkman, uyg‘ur) barqaror turkiy tillardan biri hisoblanadi. O‘zbek tili dunyoning 60 dan ortiq universitetlarida, 200 dan ortiq maktablarida o‘qitiladi.


Xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma'rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan o‘zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir. Istiqlol yillarida ona tilimiz tom ma'noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.


Bugun O‘zbekistonimiz «Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari» degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga ko‘tarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda.


Milliy tilimizga, ona tilimizga bo‘lgan e'tibor, nafaqat bugungi kunda, balki tarixning barcha davrlarida ham dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Shu o‘rinda bobolarimiz aytgan quyidagi purma'no fikrlarni eslaylik: «Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurgon oyinayi hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmak millat ruhini yo‘qotmakdur» (M.Behbudiy).