Oʼzbekiston delegatsiyasi ikkinchi IKАO simpoziumi doirasida bir qator uchrashuvlar oʼtkazdi
30 maydan 1 iyungacha Koreyaning Seul shahrida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKАO) standartlarini tadbiq etishni qoʼllab - quvvatlash boʼyicha umumjahon simpoziumi (GISS) boʼlib oʼtmoqda, unda IKАO Bosh kotibi, IKАOga aʼzo davlatlarning transport vazirlari, aviatsiya maʼmurlari rahbarlari va boshqa aviatsiya sohasi vakillari ishtirok etmoqdalar.
Oʼzbekiston delegatsiyasidan Oʼzbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilxom Maxkamov va “Oʼzaviatsiya” agentligi direktori Toxir Nazarov ishtirok etmoqdalar.
Oʼzbekiston delegatsiyasi Simpozium doirasida IKАO Bosh kotibi Xuan Karlos Salazar, IKАO texnik hamkorlik byurosi direktori Xorxe Vargas va IKАOning mintaqaviy direktori Nikolas Rallo bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʼtkazdi. Uchrashuvlarda uglerod chiqindilarini kamaytirish, Oʼzbekistonning IKАO bilan hamkorligini yanada rivojlantirish va fuqaro aviatsiyasi xodimlarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.