Parvozlar xavfsizligi kuni
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 17 dekabrdagi 346-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiasi havo kemalari parvozlarining xavfsizligini ta‘minlash Davlat dasturiga asosan, 2020 yilning 25 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiasi aviakompaniyalari va tashkilotlari vakillari ishtrokida “Parvozlar xavfsizligi kuni” o‘tkazildi.
“O'zaviatsiya” Agentligining rahbari o'z ma'ruzasida transport vazirligining tashkil topishi va O'zbekiston Respublikasi Davlat aviatsiya inspektsiyasining O'zaviatsiya agentligiga o'zgartirilishi munosabati bilan soha tarkibidagi o'zgarishlarni, unga yuklatilgan vazifalar va funktsiyalar, shuningdek parvozlar xavfsizligini ta'minlashdagi normativ hujjatlarni takomillashtirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar to'g'risida ma’lumot berdi.
O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Aviatsiya hodisalari va intsidentlarini tekshirish Boshqarmasi boshlig'i 2019 yilda parvozlar xavfsizligining umumiy holatini, 2018 yil bilan taqqoslangan xolda, tavsiflab berdi, 2019 yilda aviatsiya hodisalariga olib kelgan asosiy sabab / omillarni qayd etdi, "Inson omili"ning, salbiy ta'siri bilan bog'liq aviatsiya hodisalari xaqida to'xtalib o'tdi, shuningdek so'nggi besh yil ichida parvozlar xavfsizligi bo'yicha statistik ma'lumotlarni keltirdi. 2019 yilda parvozlar xavfsizligi holatiga umumiy baho berildi va aviahodimlarning xatti-harakatlari (Inson omilining salbiy ta'siri) bilan bog'liq bo'lgan aviatsiya hodisalarini kamaytirish uchun keskin choralar ko'rish zarurligiga e'tibor qaratdi.
O'zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari: "Uzbekistan Airways" AJ, "Uzbekistan Airports" AJ va "Uzaeronavigatsiya markazi" vakillari o'z tashkilotlarida parvozlar xavfsizligini ta'minlash ishlariga baho berishdi va O'zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida parvozlar xavfsizligini oshirish bo'yicha tegishli takliflar qilishdi.
“Parvozlar xavfsizligi kuni” yakunlariga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tizimida olib borilayotgan islohotlar munosabati bilan parvozlar xavfsizligini ta'minlash bo'yicha 2020 yilga mo'ljallangan vazifalar belgilab olindi.