IKAO standartlarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Xalqaro simpozium (GISS2024)

“O‘zaviatsiya” agentligi direktori Tohir Nazarov 2024-yil 30-apreldan 2-mayga qadar Dominikana Respublikasining Punta-Kana shahrida bo‘lib o‘tayogan IKAOning asosiy tadbiri IKAO standartlarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro simpoziumda(GISS2024) ishtirok etmoqda.

Simpozium aviatsiya salohiyatini optimallashtirish, xavfsiz osmon va barqaror kelajak strategiyasi, xavfsizlik standartlariga qatʼiy rioya qilgan holda yo‘lovchilar tashishning yuqori darajasini taʼminlashga qodir bo‘lgan aeroport infratuzilmasini rivojlantirish masalalarida, shuningdek, 2050 yilgacha aviatsiyani karbonsizlantirish maqsadiga erishish yo‘lida aviatsiya sanoati va moliya institutlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Simpozium doirasida “O‘zaviatsiya” agentligi direktori xalqaro aviatsiya standartlarini samarali joriy etish bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy va global strategiyalarga bag‘ishlangan davra suhbatida ishtirok etdi. Davra suhbatida xalqaro fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish va barqarorligini taʼminlash, aviatsiya xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha IKAO xarakatlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Qatar, Qozog‘iston, Bangladesh va boshqa davlatlar aviatsiya maʼmuriyatlari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, T.Nazarov GISS2024 doirasida IKAO Bosh kotibi Xuan Karlos Salazar va Mintaqaviy Byurosi direktori Nikolas Rallo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda IKAO va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbolli rejalari muhokama qilindi. Bosh kotib O‘zbekiston Hukumati va Transport vazirligining fuqaro aviatsiyasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan saʼy-harakatlarini va IKAO bilan hamkorligini yuqori baholadi.