“O‘zaviatsiya” agentligi delegatsiyasi IKAOning Yevropa va Shimoliy Atlantika mintaqaviy byurosi davlatlari aviatsiya maʼmuriyatlari Bosh direktorlari konferensiyasida ishtirok etmoqda
23-26 aprel kunlari Tuluza shahrida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi Tashkilotining (IKAO) Yevropa va Shimoliy Atlantika mintaqaviy byurosi aviatsiya maʼmuriyatlari bosh direktorlarining har yili o‘tkaziladigan konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.Unda 45 dan oshiq davlatlarning aviatsiya maʼmuriyatlari rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqdalar.
Aviatsiya maʼmuriyatlari Bosh direktorlari o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berishda “O‘zaviatsiya” agentligi direktori Tohir Nazarov ushbu konferensiya raisining o‘rinbosari etib saylandi. Ishtirokchilar parvozlar xavfsizligi, kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, fuqaro aviatsiyasi sohasida gender tenglikni taʼminlash, shuningdek, havo transporti sohasidagi xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish masalalarini muhokama qilmoqdalar.
IKAO konferensiyasi davomida O‘zbekiston aviatsiya maʼmuriyatining faoliyati alohida qayd etildi va IKAOga aʼzo davlatlar bilan hamkorlikni tizimli davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.