“O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan 2024 yilda o‘tkazilgan tekshiruvlarga yuqori baho berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2024 yil 11 noyabrdagi PF-184-son Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida nazorat qiluvchi organlar faoliyatini baholash (reyting) tizimi joriy etildi.

Baholash tadbirkorlik subektlari faoliyatini tekshirishning qonuniyligi va belgilangan tartibiga rioya etilishi, tadbirkorlarning murojaatlari ko‘rib chiqilishi, shuningdek, tekshirishlar o‘tkazishga vakolatli mansabdor shaxslarni attestatsiyadan o‘tkazish natijalari kabi asosiy ko‘rsatkichlar asosida amalga oshiriladi.

Mazkur tizim doirasida 2024 yilda “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan o‘tkazilgan barcha tekshirishlarning belgilangan mezonlarga muvofiqligi kompleks tahlil qilindi.

Tahlil natijalariga ko‘ra “O‘zaviatsiya” agentligi faoliyati yuqori samarali va qonunchilik talablariga to‘liq mos deb “yaxshi” degan baho bilan e'tirof etildi.

Ushbu natijalar “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan parvozlar xavfsizligini yuqori darajada ta'minlash masalalariga tizimli va oshkora yondashayotganini yaqqol namoyon etadi.

Bundan tashqari, natijalar tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, qonun hujjatlariga qat'iy rioya etish, parvozlar xavfsizligini ta'minlash, boshqaruv samaradorligini oshirish uchun sohaga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganining yaqqol ifodasidir.

“O‘zaviatsiya” agentligi o‘z faoliyatini yanada takomillashtirish, aviasiya sohasida tadbirkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, xavfsiz va barqaror aviasiya muhitini yaratishga qaratilgan izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etadi.