Parvozlar xavfsizligi kuni
O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi parvozlari xavfsizligini taʼminlash Davlat dasturiga asosan 2022 yilning 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasining aviakompaniyalari va fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari vakillari ishtirokida “O‘zaviatsiya” agentligi direktori T.Nazarov boshchiligida navbatdagi “Parvozlar xavfsizligi kuni” bo‘lib o‘tdi.
2021 yilda parvozlar xavfsizligining 2020 yilga nisbatan umumiy holati va so‘ngi besh yil mobaynida parvozlar xavfsizligi bo‘yicha statistik maʼlumotlar muhokama qilindi, 2021 yilda aviatsiya hodisalariga olib kelgan “inson omili”ning salbiy taʼsiri bilan bog‘liq aviatsiya insidentlarining holati va sabablari haqida axborot berildi. Havo kemalarining ekipajlari tomonidan nuqsonlar va qoida buzilishlarining takrorlanishi, havo kemalarini boshqarish va standart jarayonlarning bajarilishiga alohida urg‘u berib o‘tildi. Havo kemalarining parvoz paytida qushlar bilan to‘qnashuvi hamda uchish-qo‘nish yo‘lagi, perron va aerodromlardagi to‘xtash joylari holati bilan bog‘liq hodisalarga ham eʼtibor qaratildi.
“Uzbekistan Airways”AJ, “Uzbekistan Airports”AJ, “O‘zaeronavigatsiya” markazi va “UAT” MCHJ korxonalarida parvozlar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi. Parvozlar xavfsizligini oshirish yuzasidan tavsiyalar va takliflar berildi.
“Parvozlar xavfsizligi kuni” natijalariga ko‘ra 2022 yilda parvozlar xavfsizligining qoniqarli darajasini saqlab qolish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.