Parvozlar xavfsizligi kuni
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 17 dekabrdagi 346-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi parvozlari xavfsizligini taʼminlash Davlat dasturi”ga asosan 2021 yil 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasi aviakompaniyalari va tashkilotlari vakillari ishtirokida “Parvozlar xavfsizligi kuni” o‘tkazildi.
“Parvozlar xavfsizligi kuni”ni “O‘zaviatsiya” agentligi direktori T.E.Uljayev ochib berdi va ishtirokchilarni kun tartibi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi aviatsiya hodisalari va mojarolarini tekshirish Boshqarmasining bosh mutaxassisi N.R. Salixov 2020 yilda parvozlar xavfsizligining 2019 yilga nisbatan umumiy holatini tavsiflab berdi. 2020 yilda aviatsiya hodisalariga olib kelgan asosiy omillarni qayd etdi, “Inson omili”ning salbiy taʼsiri bilan bog‘liq aviatsiya insidentlarining holati va sabablari xaqida qisqacha eslatib o‘tdi. Aviatsiya insidentlarining takrorlanish xolatlariga to‘xtalib o‘tdi. Havo kemalarning parvozda qushlarga to‘qnashishi bilan bog‘liq aviatsiya insidentlariga eʼtibor qaratdi. “Inson omili”ning salbiy taʼsiri bilan bog‘liq bo‘lgan aviatsiya hodisalarini kamaytirish uchun keskin choralar ko‘rishni va ornitologiya taʼminotiga nazoratni kuchaytirishni taklif qildi.
“O‘zaviatsiya” agentligining bo‘lim boshlig‘i R.M. Nishonov so‘nggi besh yil ichida parvozlar xavfsizligi bo‘yicha statistik maʼlumotlarni keltirdi. 2020 yil yakunlari asosida parvozlar xavfsizligi holatiga baho berdi, ekipajning harakatlari bilan bog‘liq aviatsiya hodisalariga alohida eʼtibor qaratdi (“Inson omili”ning salbiy taʼsiri), havo kemalarining ekipajlari tomonidan xatolar va qoidabuzilishlarining takrorlanishiga alohida urg‘u berib o‘tdi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, “O‘zaeronavigatsiya” markazi va “UAT” MCHJ vakillari so‘zga chiqishdi. Ular o‘z chiqishlarida tashkilotlarining parvozlar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha faoliyatiga baho berdilar hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida parvozlar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha tavsiyalar va takliflar berib o‘tdilar.
“Parvozlar xavfsizligi kuni” natijalariga ko‘ra 2021 yilda parvozlar xavfsizligining qoniqarli darajasini saqlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.