O'zbekiston vakilining Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti (ICAO) Assambleyasining 40-sessiyasida ishtiroki to'g'risida
ICAO bosh kotibining taklifiga binoan “O'zaviatsiya” agentligining Sertifikatlash va parvozlar xavfsizligini nazorat qilish boshqarmasi boshlig'i Nazarov Tohir Olimjonovich, 2019 yilning 24 sentyabrdan 4 oktyabrgacha Kanadaning Monreal shahridagi ICAO qarorgohida bo'lib o'tgan Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotining (ICAO) 40-sessiyasida ishtirok etdi.
Assambleyada 39-sessiyadan keyin o'tgan uch yil ichida ICAO tomonidan bajarilgan ishlar ko'rib chiqildi va yangi uch yillik davr uchun ICAO faoliyatining rejalari belgilandi. Assambleyaning 40-sessiyasida ICAOga a'zo bo’lgan 184 davlat va 55 xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etdilar. Davlatlar vakillarining va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarning umumiy soni 2425 kishini tashkil etdi.
Assambleyaning ishi, 40-sessiyasining birinchi yalpi majlisida tasdiqlangan kun tartibiga va ularni ko'rib chiqish jadvaliga muvofiq o’tkazildi. Hammasi bo’lib Assambleya tomonidan kun tartibining 52ta bandi ko'rib chiqildi.
ICAO Assambleyasining ushbu majlisida ko'rib chiqilgan eng muhim masalalar quyidagilar edi:
- ICAOning doimiy ishlaydigan organi - Kengashga davlatlarni saylash;
- parvozlar xavfsizligi, aviatsiya xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari;
- parvozlar xavfsizligi nazorati tizimini takomillashtirish masalalari;
- o'z faoliyatining turli sohalarida, ICAO siyosati bilan bog'liq qarorlarni qayta ko'rib chiqish masalalari.