IKAOning xalqaro havo tashuvlari bo‘yicha muzokaralarga bag‘ishlangan ICAN2024 tadbiri bo‘lib o‘tmoqda
Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida IKAO tomonidan 21-25 oktyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan IKAOga a'zo davlatlarning “Aviatsiya ma'muriyatlari” o‘rtasida xalqaro aviatashuvlar bo‘yicha kelishuvga erishish yuzasidan tashkillashtirilgan ICAN-2024 tadbiri qizg‘in tusda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz tadbirda 100 ga yaqin mamlakatlar o‘rtasida pandemiyadan so‘ng aviaqatnovlarni qayta tiklash hamda parvozlar geografiyasini oshirish, aviatsiya sohasini mamlakat iqtisodiyotining drayveriga aylantirish maqsadida muzokaralar olib borilmoqda.
Dengizga chiqish imkoniyati cheklangan hamda uzoq masofalarga yo‘lovchi tashish bo‘yicha aviatsiya sohasi yagona transport turi sifatida qaraladigan O‘zbekiston uchun bu ulkan imkoniyat.
Tadbirda Transport vazirligi delegatsiyasiga Transport vazirligi huzuridagi “O‘zaviatsiya” agentligi direktori Tohir Nazarov boshchilik qilmoqda.
O‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvlar xajmi hamda imzolanishi kutilayotgan davlatlaro hujjatlar ahamiyatini inobatga olgan holda delegasiya tarkibiga Tashqi ishlar vazirligidan Shartnoma huquq boshqarmasi ikki tomonlama shartnomalar bo‘limi boshlig‘i Ilhomjon Abdraimov biriktirilgan.
Bugungi tadbirda Saudiya arabistoni hamda O‘zbekiston aviatsiya ma'muriyatlari o‘rtasida aviaqatnovlar to‘g‘risidagi yangi bitim imzolandi. Saudiya tomonidan mazkur xujjatni Saudiya Arabistoni fuqaro aviatsiyasi ma'muriyati prezidenti Adulaziz Al-Dualej, O‘zbekiston tomonidan “O‘zaviatsiya” agentligi direktori Tohir Nazarov imzoladi.
Shu kunga qadar ikki mamlakat o‘rtasida aviaqatnovlar qisman muntazam va asosan charter asosida amalga oshirib kelingan. Mazkur yangi bitim ikki davlat o‘rtasida haftalik muntazam aviaqtanovlarni 50 tagacha oshirish, umra ziyorati bo‘yicha yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, aviaqatnovlarda yangi tartibni joriy etish, aviakompaniyalarning yo‘lovchilar oldida mas'uliyatini oshirish, shuningdek, har ikki mamlakat aviakompaniyalarini charter parvozlarini amalga oshirishda to‘lanishi talab etiladigan royalti bojlaridan ozod etish kabi yangi tartiblarni o‘z ichiga oladi.
Mazkur bitim so‘nggi ikki yil davomida ikki mamlakat Transport vazirliklari hamda Tashqi ishlar vazirliklari tomonidan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtitsodiy hamkorlikni hamda transport logistikasini, shuningdek, O‘zbekistonda keng yo‘lga qo‘yilayotgan “Ziyorat-turizmini” yanada rivojlantirish uchun xizmat qiladi.
Ayni vaqtda delegasiya tomonidan berilgan ma'lumotlarga ko‘ra “O‘zaviatsiya” agentligi direktori Tohir Nazarov tomonidan yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Iordaniya hamda aviaqatnovlar hajmini yanada oshirish bo‘yicha Quvayt bilan kelishuvlar imzolanishi hamda bu ikki mamlakatlar bilan aviaqatnovlar to‘g‘risidagi yangi bitimlarni parafirlanishi kutilmoqda.