Fuqaro aviatsiyasi sohasida tizimli islohotlar davomi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sog‘liqni saqlash, ijtimoiy siyosat, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, transport kabi sohalarga alohida e’tibor qaratilmoqda, shu jumladan, fuqaro aviatsiyasi sohasidagi tizimli islohotlarga ham.
O‘zbekistonning ICAO (Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti) oldidagi majburiyatlarini bajarish maqsadida, shuningdek, aviatsiya xizmatlari sifatini oshirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, aviatsiya sohasini texnik jihatdan tartibga solish, raqobatni rivojlantirish va aviatashuvlar bozorini liberallashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-oktyabrdagi “Fuqaro aviatsiyasi sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-193-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi sohasini 2030-yilgacha rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari, sohasining tartibga soluvchi asosiy yo‘nalishlari va islohotlarni izchil davom ettirish belgilandi.
Bundan tashqari, mazkur farmonda parvozlar xavfsizligini ta’minlashni nazorat qilish bo‘yicha yuklatilgan vazifa va funksiyalarning o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekistonning ICAO oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajarish maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligining boshqaruv xodimlarini ko‘paytirish va qo‘shimcha vazifalarni yuklash nazarda tutilgan.
Farmonning amalga oshirilishi parvozlar xavfsizligi choralari va xavfsizlik madaniyatini kuchaytirilishini, aviatsiya xizmatlari sifati oshirilishini va yo‘lovchilar uchun qulay sharoitlar yaratilishini, jahon aviatsiya tizimiga integratsiyalashgan zamonaviy va raqobatbardosh aviatsiya tarmog‘ini yaratilishini hamda investorlar va xalqaro hamkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi.
Farmon - fuqaro aviatsiyasi sohasida milliy va xalqaro maqsadlarga erishish yo‘lidagi asosiy bosqich bo‘lib, xalqaro tashkilotlar, tarmoq hamkorlari va aviatashuvchilar bilan hamkorlikda parvozlar xavfsizligi, samaradorligi va ochiqligi darajasini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratib berdi.
