“O‘zaviatsiya” agentligi va "Qozog‘iston aviatsiya maʼmuriyati" AJ o‘rtasida aviatsiya xavfsizligi masalasi bo‘yicha uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F-5472-sonli farmoyishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikasi aviatsiya maʼmuriyatlari o‘rtasida 2019-2020 yillarga aviatsiya xavfsizligini taminlash va parvozlarni qidiruv va qutqarish sohasida tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi “Yo‘l xaritasi” ijrosini taʼminlash maqsadida 2021 yil 5 iyuldan 9 iyulgacha “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan “Qozog‘iston aviatsiya maʼmuriyati” AJning yuqorida qayd etilgan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, aviatsiya xavfsizligini taʼminlash sohasida tajriba almashish va ikki tomonlama hamkorlik qilish delegatsiyasi qabul qilindi.
Ikki tomonlama ishchi uchrashuvda quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi:
-
O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari tomonidan ishlab chiqilgan aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha normativ hujjatlarni Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) to‘g‘risidagi Konvensiyaning 17-ilovasi (Xavfsizlik) standartlari va tavsiya etilgan amaliyotlariga muvofiqligi o‘rganildi;
-
Qozog‘iston Respublikasining AQSHga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni ochish istagi doirasida AQSHning transport xavfsizligi boshqarmasi (Transportation Security Administration (TSA)) tomonidan O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazilgan auditlari va uni o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining ulg‘or tajribasi Qozog‘iston mutaxassislari tomonidan o‘rganildi;
-
Xavf omillarini erta aniqlash, baholash va tezkor aniqlash masalalarini o‘rganish bo‘yicha maslahat va tajriba almashish hamda aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha aniqlangan tahdidlarni mahalliylashtirish;
-
Fuqaro aviatsiyasida Aviatsiya xavfsizligi xizmati xodimlari va Aviatsiya xavfsizligi xizmatiga aloqador bo‘lmagan xodimlarni dastlabki tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimlari o‘rganildi;
-
Aviatsiya xavfsizligi sohasida sifatni nazorat qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar;
-
Nazorat qilinadigan va qo‘riqlanadigan hududlarga kirishni nazorat qilish, aeroportlarda aviatsiya xavfsizligi uchun tekshirish tartib-taomillarini amalga oshirish.
Uchrashuv davomida “O‘zaviatsiya” agentligi va “Qozog‘iston aviatsiya maʼmuriyati” AJ mutaxassislari tomonidan aviatsiya xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha o‘zlarida qo‘llaniladigan chora-tadbirlar bilan yeg‘ilish ishtirokchilarini tanishtirish maqsadida elektron taqdimotlar namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti”ga tashrif buyurdi va aviatsiya xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha tajriba almashinildi.
Ikki tomonlama uchrashuv natijasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvga erishildi:
-
2021-2023 yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikasi aviatsiya maʼmuriyatlari o‘rtasida aviatsiya xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish va imzolash;
-
“O‘zaviatsiya” agentligi “Uzbekistan Airports” AJ va “Uzbekistan Airways” AJ bilan birgalikda Qozog‘istonga AQSHga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni ochishga tayyorgarlik ko‘rishda metodik yordam ko‘rsatish;
-
Belgilangan davlat normalari, qoidalari va tartib-taomillarini hisobga olgan holda aviatsiya xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarni yana-da takomillashtirish doirasida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) standartlari va tavsiyalarini bajarishda standartlashtirilgan yondashuv maqsadida tomonlarning aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha normativ hujjatlarini uyg‘unlashtirish choralarini ko‘rish;
-
Qo‘shni Markaziy Osiyo mamlakatlarini (Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston) jalb etkan xolda O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikasi aviatsiya maʼmuriyatlari o‘rtasida aviatsiya xavfsizligi masalalari bo‘yicha ikki tomonlama maslahatlashuvlar, seminarlarni amaliy amalga oshirish sohasida ko‘p qirrali faol ishlarni amalga oshirish;
-
Olmaota shahridagi aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha IKAO o‘quv markazi negizida aviatsiya xavfsizligi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi xodimlarini tayyorlashni davom ettirish, xalqaro toifadagi sertifikatlarni (IKAO) olish.
Ikki tomonlama uchrashuv yakuniy natijasi bo‘yicha “Qozog‘iston aviatsiya maʼmuriyati” AJ delegatsiyasi “O‘zaviatsiya”agentligi, “Uzbekistan Airports” AJ va “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyatiga samimiy qabul va samarali hamkorlik uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.