O'zbekiston Respublikasiga charter reyslarini amalga oshirishga ariza topshirish uchun onlayn tizim ishga tushirildi
2020 yil 9 dekabrda Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida o’tkazilgan “Turizm va aholi jismoniy faolligini rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” gi 97-sonli video selektor yig’ilishi protokolini amalga oshirishni ta’minlash maqsadida, “O’zaviatsiya” Agentligi tomonidan xorijiy davlatlarning fuqaro aviatsiyasi havo kemalarining ekspluatantlariga O’zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiya aerodromlariga bir martalik parvozlarni amalga oshirish uchun so’rovlarni rasmiylashtirish va ruxsat berishning elektron tizimi ishlab chiqildi.
Ushbu elektron platformaning yaratilishi, ariza beruvchiga, bir martalik parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar olishga onlayn so'rovlarni berish, “O’zaviatsiya” Agentligining “Uzbekistan Airports” AJ va “O’zaeronavigatsiya” Markazi DUK bilan so’rovlarni qayta ishlashda tezkor hamkorlik qilish, so’rovlarni ko’rib chiqish muddatlarini 24 soatgacha qisqartirish imkonini beradi.
2021 yil 15 fevraldan boshlab platforma onlayn, sinov rejimida ishga tushirildi. Xorijiy davlatlarning fuqaro aviatsiyasi havo kemalarining ekspluatantlari, O'zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi aerodromlariga bir martalik parvozlarni amalga oshirish uchun arizalarini, “O’zaviatsiya” Agentligi veb-saytida https://uzcaa.uz/ru/permission havolasi orqali berish imkoniyatiga ega.