“O‘zaviatsiya” agentligi Fransiya aviatsiya ma’muriyati bilan hamkorlikda seminar-trening o‘tkazmoqda
“O‘zaviatsiya” agentligi va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) o‘rtasidagi Strategik harakatlar rejasi (COSPA) qo‘shma loyihasi doirasida, 10–14-noyabr kunlari “O‘zaviatsiya” agentligida havo transportida xavfli yuklarni tashishni tashkil etish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazilmoqda. Seminar-trening Fransiya aviatsiya ma’muriyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Seminarda “O‘zaviatsiya” agentligi xodimlari, Qirg‘iziston va Tojikiston aviatsiya ma’muriyatlarining vakillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan aviakompaniyalar va “O‘zbekiston pochtasi” AJ xodimlari ishtirok etmoqda.
Mazkur seminar-treningning asosiy maqsadi —havo transportida xavfli yuklarni tashish, qayta ishlash va saqlash ustidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida ICAO standartlarini joriy etish masalalarini o‘rganishdan iborat.
