Обращение директора агентства «Узавиация» Назарова Тахира Алимжановича к сотрудникам и жителям в борьбе с коррупцией.

Jamiyatda shunday illatlar borki, u maʼlum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga toʻsiq boʻladi. Davlatni ich-ichidan yemiradigan ana shunday illat – korrupsiya va poraxoʻrlikdir. Aynan shu illat sababli koʻplab davlatlarning inqirozga yuz tutgani ham tarixdan maʼlum. 

Shu bois, unga qarshi kurash xalqaro hamjamiyat doirasida muhim ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining dolzarb masalalari qatoridan joy olgani bejiz emas. 

Taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻyayotgan Yangi Oʻzbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shaklidagi koʻrinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavfli. Shu boisdan ham davlatimiz rahbari Muhtaram Shavkat Mirziyoyev oʻz vakolatiga kirishishi bilan Prezident sifatida imzolagan eng birinchi hujjat “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni boʻldi.

Mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalarida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida keskin va murosasiz kurash olib borishga jiddiy kirishildi.

Bugungi kunga kelib Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi shakllandi.

Jinoyatchilik keng avj olib ketishiga va korrupsiyachilar domiga ilingan amaldorlarning beboshligiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida bir qator uzoq muddatli chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ular jinoyatchilikka qarshi kurash strategiyamizni belgilab beradi.

Umuman olganda, korrupsiya hodisasiga soʻzning keng maʼnosida yondashadigan boʻlsak, bu shunchaki jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, balki maʼnaviy buzilish holatidir. Shunday ekan, oʻylaymizki, mazkur illatga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz masʼuldirlar.

Shu munosabat bilan korrupsiyaga nisbatan murosasizlik tamoyiliga amal qilgan holda “Oʻzaviatsiya” agentligining barcha xodimlariga bevosita yoki bilvosita, shaxsan yoki vositachilar orqali har qanday korrupsiyaviy harakatlarda ishtirok etish qatʼiyan man etilishini, yaʼni, ular oʻz mansab va xizmat mavqeidan oʻz manfaati yoʻlida noqonuniy foydalanishi mumkin emasligini, shuningdek, xizmat mavqeini suiisteʼmol qilish qatʼiy tartibda ta'qiqlanishi va bunday holat roʻy bergan taqdirda ular qonuniy javobgarlikka tortilishi yana bir marotaba eslatib oʻtmoqchiman. 

“Oʻzaviatsiya” agentligi xodimlari odob-axloq qoidalariga ham qatʼiy rioya qilishlari, shuningdek, Agentlik obroʻsiga, nufuziga salbiy taʼsir koʻrsatishi yoki uning qonuniy faoliyatiga, xolisligiga, hisobdorligiga, ochiqligiga va shaffofligiga shubha tugʻdiradigan xatti-harakatlardan oʻzlarini tiyishga majburdirlar.

Davlat xizmatchisi – bu oddiy xodim emas, u davlat topshirigʻi va manfaatlari boʻyicha uning nomidan harakat qiluvchi insondir. Shuning uchun davlat xizmatchisi degan yuksak hamda sharafli nomga dogʻ tushirmaslik uchun eng avvalo halol boʻlishimiz, oldimizga qoʻyilgan vazifalarni vijdonan, vatanparvarlik tuygʻusini toʻliq his etgan holda mehnat qilishimiz lozim boʻladi.

Ish faoliyatimizda korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz munosabatda boʻlish, xalqimizga halol va sadoqat bilan xizmat qilishni asosiy burchimiz va vazifamiz, deb bilaylik.

Shuningdek, xodimlar “Oʻzaviatsiya” agentligi manfaatlariga zid keladigan yoki zid kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatlar bilan bogʻliq  korrupsiyaviy holatlar yuzasidan “Oʻzaviatsiya” agentligining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisini xabardor qilishlari lozim ekanligini taʼkidlab oʻtmoqchiman. 

Sodir etilgan har qanday korrupsiyaviy jinoyat sirligicha qolmaydi, albatta oshkor boʻladi. Shuning uchun, Men, har qanday jinoyat uchun jazo muqarrar, buni har birimiz teran his qilishimiz zarurligini takidlayman.

O‘z navbatida, “Oʻzaviatsiya” agentligida mehnat qilayotgan har bir rahbar va xodimni korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga hamda o‘z xizmat vazifalarini halol va xolis bajarishga yana bir bor chaqiraman.